Toshkent shahridagi “Istiqlol” saroyida “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi va tadbir ishtirokchilari ijrosida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Kamalak” bolalar tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Badiiy akademiya bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivalidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘g‘il-qizlarning qobiliyatini erta aniqlash, ularning ta’limdan tashqari vaqtini samarali tashkil etish, san’at vositasida navqiron avlod qalbiga ezgu g‘oyalarni chuqur singdirishdan iboratdir.
Bu yilgi festivalda 6—15 yoshli iqtidorli bolalar o‘z mahoratini namoyish etdi. Festivalning saralash bosqichlarida o‘quvchilarning mumtoz va milliy musiqa cholg‘ulari ijrochiligi, an’anaviy va akademik xonandalik, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm yo‘nalishidagi iste’dod va mahorati taniqli san’atkor va mutaxassislar tomonidan baholandi.
15—19-noyabr kunlari festivalning yakuniy bosqichi yuksak saviyada o‘tdi. Unda 700 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yoshlar ijod saroyida turli nominatsiyalar bo‘yicha ijodiy salohiyatini namoyish etdi. Festival doirasida bolalar ijodiyotiga oid badiiy ko‘rgazmalar, konsertlar, mohir xonanda va sozandalar, musiqachilar, musavvirlar, bolalar yozuvchi va shoirlari ishtirokida mahorat saboqlari o‘tkazildi. Muzeylar, teatrlar, ko‘rgazma zallari, ma’naviyat va ma’rifat maskanlariga, istiqlol yillarida bunyod etilgan ijtimoiy-ma’rifiy obyektlarga sayohatlar ishtirokchilarda yorqin taassurotlar qoldirdi.
Festivalda turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga diplom va sovg‘alar topshirildi.
Bolalar badiiy jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh (0)