Taniqli o‘zbek kinorejissyori Qamara Kamolovaning “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “Unutma meni” badiiy filmi joriy yilning 1−7-noyabr kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Luchezarniy angel» (“Nur sochuvchi farishta”) XI xalqaro xayriya kinofestivalida Rossiya Federatsiyasi Ijtimoiy-madaniy tashabbuslar jamg‘armasining “Bolalar uchun eng yaxshi kino” maxsus sovriniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbekkino” agentligi xabar berdi.
“Yaxshi kino qaytmoqda” shiori bilan o‘tkazilgan ushbu kinofestivalda dunyoning 26 mamlakatidan 368 ta to‘liq va qisqa metrajli, hujjatli va animatsion film qatnashdi. Shulardan 83 ta kartina tanlov dasturida, 61 tasi esa tanlovdan tashqari dasturda ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligi, Moskva shahar hokimligi va boshqa bir qancha tashkilotlar o‘tkazgan ushbu kinofestivalning tashkiliy qo‘mitasi rahabri “Rossiyada o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviy-axloqiy madaniyati” maqsadli kompleks dasturi vasiylar kengashi raisi, Rossiya hukumati rahbarining rafiqasi Svetlana Medvedevadir.
Eslatib o‘tamiz, rejissyor Qamara Kamolovaning “Unutma meni” badiiy filmi joriy yilning 13−18-oktabr kunlari Germaniyaning Hemnits shahrida bo‘lib o‘tgan bolalar va o‘smirlar filmlarining 19-xalqaro kinofestivalida “Tomoshabin e’tirofi” sovriniga sazovor bo‘lgan edi.
Izoh (0)