Niderlandiyaning LT Textile Cooperatief U.A. kompaniyasi Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida zamonaviy to‘qimachilik korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Bu haqdagi O‘zbekiston hukumati qarori 2014-yil 31-oktabr kuni qabul qilingan. Shuningdek, 17-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda LT Textile Cooperatief U.A. kompaniyasi o‘rtasida imzolangan investitsiya shartnomasi ham ma’qullangan.
Shartnomaga binoan, ishlab chiqarish Qarshi tumanidagi 30 gektarlik hududda tashkil etiladi. LT Textile Cooperatief U.A. 2015−2016-yillarda kamida 55 million dollarlik investitsiya kiritish majburiyatini olgan. Jumladan, kamida 17 million dollar kompaniyaning o‘z mablag‘lari, kamida 38 million dollar O‘zbekiston hukumati kafolatlari taqdim etilmagan holda xorijiy banklar kreditlari hisobidan kiritilishi lozim.
Ishlab chiqarish 2016-yil noyabr oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan. 2017-yil birinchi choragidan esa 20 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash va 15 ming tonna ip gazlama ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. LT Textile Cooperatief U.A. chiqarilgan mahsulotning 80 foizini eksport qilmoqchi. Ishlab chiqarishda 700 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
2017−2018-yillarda Niderlandiya kompaniyasi ishlab chiqarishga o‘z mablag‘laridan 5 million dollar jalb qilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston hukumati LT Textile Cooperatief U.A. kompaniyasiga 2022-yil 1-yanvargacha qator imtiyozlar taqdim etdi.
Izoh (0)