Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida 10-noyabr, dushanba kuni Yoshlar madaniyat va san’at markazi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda markaz vakillari bergan ma’lumotga tayanib, “Kun” xabar berdi.
Ma’lum qilishlaricha, taqdimot marosimida Yoshlar madaniyat va san’at markazining loyihalaridan biri bo‘lgan “E’tirof—2014” tanlovining taqdirlash marosimi haqida axborot beriladi.
Shuningdek, markaz tomonidan ilk bora tashkil etiladigan loyihalar — “Yil qo‘shig‘i”, “Kuyla, yoshligim”, “Ovoz” teleloyihalari, “Sen — iste’dodlisan”, “Bolalik olami” ko‘rik-tanlov va festivallari haqida batafsil ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.
Yoshlar madaniyat va san’at markazi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-avgustdagi “‘Yoshlar madaniyat va san’at markazi’ faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifalari umidli ijodkor va iqtidorli yoshlarni izlab topish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hamda konsert, festival, ko‘rik-tanlov va turli madaniy shou-tomosha tadbirlarini o‘tkazishdan iborat.
Ma’lumot uchun, so‘nggi ikki mavsumdan beri kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan xonandalar (Sevara Nazarxon, Nargiz Zokirova) Rossiya televideniyesida “Golos” (“Ovoz”) tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotgan, ularning ishtiroki O‘zbekistonda ham faol kuzatib borilayotgan edi.
Izoh (0)