O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan mamlakatdagi barcha temiryo‘l xodimlariga qutlov yo‘lladi. Tabrikning to‘liq matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
“Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha temiryo‘l xodimlarini mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana — ‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20-yilligi bilan chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi”, — deyiladi tabrik boshida.
Islom Karimov qayd etganidek, O‘zbekiston temir yo‘llari o‘zining 20 yillik tarixi davomida murakkab shakllanish va jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning barcha mintaqalarini ishonchli bog‘lash uchun bamisoli qon tomirlari kabi hayotiy zarur bo‘lgan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining mustaqil, yagona va yaxlit tizimi sifatida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Barchamizga ayonki, kompaniyaning, butun temiryo‘l tarmog‘ining kelajagi avvalo sohaga zamonaviy bilimga ega, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, o‘z kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bog‘liqdir. Yurtimizdagi oltita kasb-hunar kolleji va Toshkent temiryo‘l transporti institutini har yili uch mingdan ziyod yosh mutaxassislar aniq kasb yo‘nalishi bo‘yicha bitirib chiqib, hayotga yo‘llanma olayotgani mamlakatimiz temiryo‘l transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kunda temiryo‘lchilik kasbi mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida qiziqish va talab eng katta bo‘lgan, sharafli kasbga aylanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz ravnaqi va farovonligiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etaman. Sizlarga va oilalaringizga tinchlik, sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman”, — deyiladi qutlovda.
Izoh (0)