O‘zbekistonda Xalqaro gimnastika federatsiyasining 80-kongressi o‘z ishini boshladi. Kongressda 80 dan ortiq mamlakatdan kelgan 240 ga yaqin delegat qatnashmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti L. Karimova-Tillayeva, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, professor B. Grandi va boshqalar O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor yuksak samara berayotganini ta’kidladi.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi bosh kotibi Andre Gyuysbyuler O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi gimnastikaning barcha asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotganini va anjuman yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidladi.
Kongressda Xalqaro gimnastika federatsiyasining yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlanadi. Dunyoda gimnastikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish, Xalqaro gimnastika federatsiyasiga yangi a’zolarni qabul qilish va boshqa qator masalalar muhokama qilinadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash, sportchilarni tayyorlash darajasini oshirish va shu maqsadda eng ilg‘or sport, ilmiy hamda tibbiyot texnologiyalaridan foydalanish uchun milliy gimnastika federatsiyalarining keng hamkorligini ta’minlash hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Izoh (0)