Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 23-24-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrifning asosiy voqealari 24-oktabr kuni bo‘ldi, deb yozadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Rasmiy kutib olish marosimidan keyin Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlarning ochiqlik va ishonch ruhida o‘tgan suhbatida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarakligi, ikki tomonda ham ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun xohish va iroda mavjudligi, davlatlarimiz buning uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashuv davomida muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha tomonlarning qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqinligi qayd etildi.
Bu, ayniqsa, Afg‘oniston masalasiga munosabatda yorqin namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida temir yo‘llar va ko‘priklar barpo etish, muhim infratuzilma obyektlarini tiklash, elektr energiyasi va boshqa mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib, bu orqali mazkur mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov mintaqada suv resurslaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Ta’kidlanganidek, suv-energetika sohasiga doir masalalarni hal qilishda, jumladan, transchegaraviy daryolarda yirik gidroenergetika inshootlarini barpo etishda BMTning tegishli konvensiyalarida belgilab berilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq ish tutish, bunday obyektlarning loyihalarini mustaqil xalqaro ekspertizadan o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar o‘zaro hamkorlik strategiyasini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan pozitsiya va qarashlarni o‘zaro muvofiqlashtirib borish maqsadida oliy darajadagi uchrashuvlarni muntazam davom ettirishga kelishib oldilar.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2013-yilda 353,9 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 246 million dollarga yetdi. Lekin, qayd etilganidek, tomonlarning imkoniyatlari bu raqamlardan ancha yuqori.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi savdo hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishning yanada samarali chora-tadbirlari va mexanizmlarini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Turkmanistonning iqtisodiy hamkorligida transport kommunikatsiyalari muhim yo‘nalishlardan biridir. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yo‘llari yaxshi integratsiyalashgan tizim bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham qulay tranzit majmui vazifasini o‘tamoqda.
Mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama asosda transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Xususan, Prezident Islom Karimov tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lgan O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon yangi xalqaro transport-kommunikatsiya koridorini barpo etish bo‘yicha 2011-yili imzolangan bitim muhim geostrategik ahamiyatga egadir.
Ushbu g‘oyaning hayotga tadbiq etilishi Markaziy Osiyo davlatlarini Yaqin Sharqning iqtisodiy faol ko‘rfazlaridagi bandargohlar bilan bog‘lash imkonini beradi. Bu kelgusida bojxona sohasida, avtomobil, temir yo‘l va dengiz transporti orqali yuk tashish va tranzit qilishda qulayliklar yaratilishiga yo‘l ochadi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, qo‘shma loyihalar sarmoyaviy hamkorlik rivojiga yangi sur’at baxsh etadi. Ekspertlarning fikricha, loyiha ijrosi yakuniga yetgach, boshqa mamlakatlar ham undan foydalanishdan manfaatdorlik bildiradi. Bu loyihaning jozibadorligini yanada oshiradi.
Iqtisodiy aloqalarning ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri energetika sohasidir. O‘zbekiston va Turkmanistonda uglevodorod resurslarining yirik zahiralari mavjud, lekin ikki mamlakat ham jahon bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘liga ega emas. Bunday sharoitda o‘zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik yaxshi samara beradi. Bunga muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan va mamlakatlarimizga tabiiy gaz eksporti yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini bergan Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy transmilliy gaz quvuri loyihasi yaqqol tasdiq bo‘ladi.
Muzokarada qo‘shma korxonalar, milliy firma va kompaniyalar vakolatxonalarining sonini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Ikki mamlakatning salohiyatini namoyish etishga, tadbirkorlarning bevosita muloqotlari uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladigan milliy ko‘rgazmalarni tashkil qilish an’anasini izchil davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bu borada 2014−2016-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan turli konsertlar, festival va ko‘riklar, ko‘rgazma va forumlarda faol ishtirok etmoqda.
Kelishuvga binoan, bundan buyon ham ikkala mamlakatda tashkil etiladigan madaniy tadbirlar va sport musobaqalari haqida muntazam ravishda ma’lumot almashib boriladi hamda madaniyat va san’at namoyandalarining, sportchilarning faol ishtiroki ta’minlanadi. Rassomlar asarlari ko‘rgazmalarini, hunarmandlik mahsulotlari yarmarkalarini, musiqa va teatr jamoalarining ijodiy safarlarini tashkil etish davom ettiriladi.
Muzokarada sayyohlik sohasida mamlakatlarimiz ulkan imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi. “Buyuk ipak yo‘li” sayyohlik loyihasi doirasida kombinatsiyalashgan sayohatlar tashkil qilish orqali bu sohadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonga kelgan sayyoh Turkmaniston, Turkmanistonga borgan sayyoh O‘zbekiston orqali qaytib ketishini yo‘lga qo‘yish mumkin. Shu tariqa milliy aviakompaniyalarning hamkorligini kengaytirish uchun ham yaxshi zamin yaratiladi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi vositalari yetkazib berishga, tashqi siyosat mahkamalari va savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi munosabatlarga, ekologiya sohasida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ushbu tashrif o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan oliy darajadagi samarali muloqotning davomi bo‘lganini, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashish uchun qulay fursat yaratganini ta’kidladilar. Muzokaralar ochiqlik, o‘zaro anglashuv va hamjihatlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo‘lidagi serqirra va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Sammitning asosiy voqealari nihoyasiga yetgach, davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘ldi. Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmanistonning Maxtumquli nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. O‘zbek hamda turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari uchun Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining “Mustaqillik” ordeni topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida Prezident Islom Karimov “Halk hakydasy” (“Xalq xotirasi”) xotira majmuiga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida hamda Go‘ktepa jangida (1880-1881) halok bo‘lganlar, Ashxobod zilzilasi (1948) qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. Islom Karimov ushbu voqealar haqida hikoya qiluvchi muzey eksponatlari bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Ashxobod muzokaralari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidan sobitlik bilan borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Izoh (0)