22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda quyi palata axborot xizmatiga tayanib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majlisda O‘zbekistonning 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdi. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyatni va jamiyat hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishi muhimligini ta’kidladi.
Xususan, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining deputatlari 2015-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining loyihalarida jahon iqtisodiyotida murakkab jarayonlar va salbiy tendensiyalar davom etayotgan sharoitda O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sishining muhim omili sifatida ichki talabni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilayotganligini ta’kidladi.
Fraksiya a’zolari 2015-yilgi Davlat byudjeti loyihasida madaniyat muassasalarini ta’minlash va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan xarajatlar hajmini joriy yilga nisbatan 1,24 baravar oshirish nazarda tutilganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, 2015-yilgi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston shaharlarining me’moriy-rejaviy qiyofasini yaxshilashga doir davlat dasturlarining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash ham nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, turizm va xizmatlar sohalarini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlarning qabul qilinishi mahalliy byudjetlar daromadlarining oshirilishiga va mintaqalar iqtisodiy salohiyatining mustahkamlanishiga ko‘maklashishi ta’kidlandi.
Izoh (0)