Andijon tumanining Kuyganyor shaharchasida joylashgan Jasurbek Ahmedov boshchilik qiladigan savdo do‘konida mahsulotlar naqd pulga o‘z narxida, plastik kartochkadan esa “shapka”si bilan sotilganligi aniqlandi. Bu haqda Uz24.uz xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, do‘konda xaridorlar gavjum, savdo terminali ham ishlab tursa-da, biroq agar xaridor 20 ming so‘mlik mahsulot olsa, sotuvchi terminalga 22 ming so‘m deb, chek urib bergan.
Shu tumandagi Xo‘jaobod mahallasi Habibiy ko‘chasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Muhammadayub Yunusov ham bank plastik kartochkasiga “ustama” oladigan “ustomon”lardan ekanligi aniqlandi. U 25 kilogramm unni naqd pulga 43 ming, bank plastik kartochkasiga 45 ming so‘mdan sotayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shomat mahallasida yashovchi tadbirkor To‘ychiboy Erkinboyevga qarashli savdo do‘konida ham mana shunday holat aniqlandi.
Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bu kabi “qoida”larga chek qo‘yildi.
Shuningdek, Xonobod shahridagi Zamira Hojimatova, Hasanboy Nazirov kabi tadbirkorlar o‘zlariga qarashli spirtli ichimliklar savdosiga ixtisoslashgan do‘konida to‘lov terminallarini ishlatmay, faqat naqd pulga savdo qilganligi va kassa cheklarini ham bermaganligi tekshiruvlar natijasida kuzatilgan.
Yuqoridagi huquqbuzarlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi, deb yozadi soliq.uz.
Izoh (0)