Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Yuko Obuti iste’foga chiqdi. Obuti bu haqdagi arizani mamlakat Bosh vaziri Sindzo Abega topshirdi. Ariza esa Abe tomonidan imzolandi, deb xabar bermoqda Segodnya.ua nashri.
Ariza Bosh vazir va Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirining 30 daqiqalik uchrashuvi vaqtida topshirilgan.
Obuti o‘zining tarafdorlari tashkiloti mablag‘larini siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan narsalar, xususan, pardoz-andoz uchun sarflaganlikda gumon qilinmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, vazirni qo‘llab-quvvatlovchi ikki jamg‘arma 2009—2011-yillarda Obuti tarafdorlari va saylovchilar uchun har yilgi sahnalashtirilgan tadbirlarga 43 million iyen (qariyb 402,3 ming dollar)ga teng mablag‘ ajratgan.
Aniqlanishicha, boshqa bir jamg‘arma Obuti qarindoshilariga qarashli do‘konlardan mahsulot xarid qilish uchun 3,8 million iyen (35,6 ming dollar atrofida) sarflagan.
“TASS”ning qayd etishicha, birinchi holat saylovchilarni sotib olish sifatida baholansa, ikkinchisi qonunbuzarlik bo‘lib, siyosiy faoliyat uchun ajratilgan vositalarni boshqa maqsadda ishlatish hisoblanadi.
Yuko Obutining iste’foga chiqishi jiddiy siyosiy inqirozga olib kelishi mumkin, deyiladi nashrda.
Izoh (0)