BAA — O‘zbekiston (0:4) uchrashuvidan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi sardori Server Jeparov Championat.asia’ga intervyu berib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Server Jeparov o‘z intervyusida terma jamoani kuchaytirish yo‘li haqida alohida to‘xtaldi: “Agar har turda jiddiy o‘yinlarda maydonga tushsangiz, kuchingizga kuch qo‘shilib boraveradi. Men hozir oliy liganing holati bilan tanish emasman, ammo biz o‘ynagan paytimiz nari borsa beshta o‘yinga jiddiy tayyorlanardik. Bu juda kam.
Koreyada bunday o‘yinlar to‘lib yotibdi. 36 ta o‘yin o‘ynaymiz, kubok bahslarini qo‘shsangiz, 40 taga yetadi. O‘zbekistonda esa 26 ta o‘yin. ‘Nasaf’, ‘Bunyodkor’, ‘Lokomotiv’ va ‘Paxtakor’ jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarni inobatga olmasa, qolgan o‘yinlarda shunday shiddatni ko‘rasizmi? Agar futbolchilar har doim kuchli jamoalarga qarshi o‘ynayversa, terma jamoamizga ham yaxshi”.
“Ular kuchli, oliy liga kuchsiz deylik, lekin o‘z ustilarida ishlashlari uchun to‘siq yo‘q deb o‘ylayman. Bizning oliy ligamizni deyarli chet el skautlari kuzatmaydi. Agar bizda chempionat boshqacha bo‘lganida ko‘plab futbolchilarimiz chet elda yurgan bo‘lardi.
Arzonga bo‘lsa ham futbolchilarni chet elga yuboraverish kerak. Yuborganda ham zaxiraga emas, biroz o‘rtamiyona bo‘lsa-da, Yevropaga ketgani ma’qul. Eng kamida Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoyga. Agar Xorvatiya, Avstriya kabi chempionat bo‘lsa, ikkilanib ham o‘tirmaslik kerak”, — deb qayd etdi Jeparov.
Izoh (0)