O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-oktabr kuni Oqsaroyda Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Taraqqiyot dasturining rahbari Helen Klarkni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Islom Karimov mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Birlashgan millatlar tashkiloti, xususan, BMT Taraqqiyot dasturi bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etib, dolzarb masalalar, jumladan, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, uning izchil rivojlanishini ta’minlash, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Suhbat chog‘ida so‘nggi 20 yilda O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 184 million AQSh dollaridan ziyod 211 loyiha amalga oshirilgani qayd etildi. Joriy yilda O‘zbekistonda aholi turmush farovonligini oshirish va Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga doir 30 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlariga, ya’ni O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish darajasi keyingi 10 yil davomida yiliga sakkiz foizdan ziyodni tashkil etayotganiga yuksak baho berdi.
Helen Klark Birlashgan millatlar tashkiloti va uning Bosh kotibi Pan Gi Mun nomidan shu yil oktabr oyining oxirida Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu xalqaro anjuman Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilayotgan O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan bo‘lib, u BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tarqatilgan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ni amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va BMT hamkorligini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)