FIFA referisi Ravshan Ermatovning otasi Sayfiddin Ermatov farzandining bolalik yillari, hozirgi yutuqlari borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning intervyusi Uff.uz saytida e’lon qilindi.
“Ota-onalarning asosiy vazifalaridan biri — o‘z farzandlarining qiziqishlariga qarab, ularga zarur sharoitlarni yaratib berishdir. Biz yashagan joy sobiq Ostrovskiy bog‘i, hozirgi Labzak dahasida joylashgandi. Uyimizning shundoqqina orqa tarafida katta stadion bo‘lardi. Ravshan futboldagi ilk qadamlarini aynan o‘sha o‘yingohda tashlagan. Unga olib bergan birinchi sovg‘am ham to‘p bo‘lgan. Maqsadim undan yaxshi futbolchi yetishtirish edi. Boisi, o‘zi ham millionlar o‘yiniga juda qiziqardi. Iste’dodini payqaganim uchun bor e’tiborimni unga kerakli sharoitlarni yaratib berish, mashg‘ulotlarga qatnashini ta’minlashga qaratganman. Afsuski, mash’um jarohat Ravshanning futbolchi bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan.
Shukrki, u futbolda bo‘lmasa ham, hakamlikda katta obro‘ga erishdi. Jahon chempionatlarida eng ko‘p uchrashuvlarni boshqarish bo‘yicha dunyo rekordini yangiladi. Fursatdan foydalanib, o‘g‘limga, uning yordamchilariga omad tilayman. Bundan ham martabalari ulug‘ bo‘lsin, O‘zbekiston dovrug‘ini o‘zlarining halol hakamliklari bilan dunyoga tanitib yuraverishsin. Ularni duo qilib o‘tiramiz. Bir otaga bundan ortiq baxt bormi? Eng muhimi, farzandlarni o‘zlari yoqtirgan kasblariga yo‘naltirish kerak.
Har bir shogirdimga beradigan birinchi savolim — futbolchi bo‘lishni o‘zing xohlayapsanmi yoki ota-onangmi mazmunida bo‘lgan. Agar bolaning o‘zida istak bo‘lmasa, sizning urinishlaringiz baribir zoye ketadi. Ravshanda futbolga muhabbat kuchli bo‘lgan. Mashg‘ulotlarda ikki hissa kuch bilan harakat qilardi. Tirishqoqligidan xursand bo‘lardim. Shunday bo‘lganidan keyin qanday qilib farzandingiz uchun sharoitlarni yaratib bermaysiz? Onasi allamahalda stadiondan kechki ovqatga yetaklab olib kelardi. Kech tushib qolibdi, deya o‘z xohishi bilan kelmasdi”, — dedi Sayfiddin Ermatov.
U Ravshan Ermatovning maktabdagi baholari haqida gapirar ekan, baholari yomon bo‘lmaganini qayd etdi: “A’lo baholarga o‘qigan ham deya olmayman. Kundaligida to‘rt va besh baholari ko‘proq edi. Jismoniy tarbiya darsi jon-u dili edi. Faqat futbol emas, voleybol va stol tennisini ham juda yaxshi ko‘rardi. Tuman miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda bir necha marotaba g‘olib va sovrindorlar safidan joy olgan. Haligacha stol tennisini yaxshi o‘ynaydi. Tennisni yaxshi o‘ynagani Ispaniyada bo‘lib o‘tgan FIFAning JCh hakamlari uchun ilk seminarida qo‘l kelgan. U mundialga nomzod hakamlar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘ziga xos kichik tennis turnirida g‘olib chiqqan. Aytmoqchimanki, inson keng qirrali bo‘lmog‘i, faqat bir yo‘nalishda qolib ketmasligi kerak. Ayniqsa, bu sportda juda ham muhim. Masalan, tennis bilan shug‘ullanish orqali tez fikrlab, qaror chiqarish, voleybolda baland sakrash, bo‘y o‘stirish kabi xislatlarni yanada shakllantirish mumkin. Ko‘ryapsizmi, sport turlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Biri ikkinchisini to‘ldiradi”.
“‘Istiqlol’ jamoasida o‘ynab yurgan kezlari oyog‘idan jiddiy jarohat olgan. Shifokorlar menga agar o‘g‘lingizning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmasangiz, boshqa futbol o‘ynamasin, deb shart qo‘ydi. O‘ng oyog‘i to‘pig‘idan chiqib ketavergan. Bu holatda futbolni davom ettirib bo‘lmasdi. Ravshan O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirgan paytda men 1982-yillarda tug‘ilgan futbolchilarga bosh murabbiy edim. Valeriy Boradavkin yordamchi murabbiy bo‘lgan. O‘shanda Ravshanni murabbiylar shtabida o‘zim bilan birga olib yura boshladim. Futbol o‘ynay olmas ekan, hech bo‘lmasa murabbiylikda o‘zini sinab ko‘rsin, degan istak ham yo‘q emasdi. Kunlarning birida shahar birinchiligimizdagi uchrashuvga bosh hakam kelmagan.
Shunda Ravshanning qo‘liga hushtakni berib: ‘O‘g‘lim, mana sizga imkoniyat, keng maydon, o‘zingizni ko‘rsating’, deganman. Shunda o‘zidan yoshi katta futbolchilar ishtirokidagi o‘yinni shunchalik bexato boshqarganki, ochig‘i bunday natijani undan kutmagandim. Hech kimga yon bosmasdan, uchrashuvning boshidan oxirigacha yuqori saviyada hakamlik qilgan. O‘shanda mening jamoam bilan ‘Chilonzor’ klubi o‘zaro o‘ynagandi. Biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan jamoam aynan o‘g‘lim boshqargan bahsda yutqazib qo‘ygan edi. Shunda unga: ‘Otangga yon bosmadingmi, demak, sendan yaxshi hakam yetishib chiqadi’, deganman. O‘sha kundan boshlab, o‘g‘limning hakam bo‘lishi uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib berganman”, — dedi FIFA referisining otasi.
Sayfiddin Ermatov o‘g‘lining til borasidagi imkoniyatlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi: “Har yakshanba kuni Toshkent shahar birinchiligi o‘yinlarini boshqarishga borardi. Keyinroq unga videokamera olib berdim. O‘zi boshqargan bahslarni yozib olib, uchrashuvdan so‘ng tahlil qila boshladi. Ko‘rsatkichlari, mahorati kundan-kunga oshib bordi. Keyin onasi, opasi va o‘zim birgalikda uni ingliz tili kursiga olib bordik. Haftasiga uch marta kechki payt ingliz tilini o‘rgana boshladi. Tezroq tilga qiziqishi uyg‘onishi uchun o‘zimiz birgalashib kurslarga borganmiz. Bu o‘z natijasini berdi. Bugunga kelib Ravshan ingliz tilida o‘z ona tilidek gaplasha oladi. Bundan tashqari, ispan va arab tillarini o‘rgandi. Inson o‘z oldiga aniq bir maqsad qo‘ydimi, unga intilishi kerak. Hech narsa shunchaki bo‘lib qolmaydi. Mehnat orqali ko‘zlangan manzilga yetiladi”.
FIFA referisining otasi Ravshanning shifokor aytgan so‘zlar natijasida ruhiy tushkunlikka tushib qolganini ma’lum qildi: “Ancha payt o‘ziga kela olmagan. Sevimli mashg‘ulotidan bir kunning o‘zida ajralish bu oson emas. To‘g‘ri, aytgan ishlarimni, berayotgan ko‘rsatmalarimni bajargan. Lekin ko‘zlari avvalgidek yonmayotgandi. O‘sha hakamning uchrashuvga kelmagani uning hayoti va faoliyatida tub burilish yasadi. Ilk boshqargan o‘yinida kichik xatolari bo‘lgandir. Ammo undagi qat’iyatlilik bu kamchiliklarni yuvib ketgandi. Otasining jamoasiga yon bosmadimi, demak, undan yaxshi hakam chiqar ekan, degan bir to‘xtamga keldim”.
Shuningdek, u farzandi boshqargan uchrashuvlarini muhokama qilib turishini, busiz iloji yo‘qligini qayd etdi: “So‘nggi mundialdagi barcha o‘yinlarini kuzatib, qaysi daqiqada qanday harakat qilgani va chiqargan qarorlarini yozib bordim. Uchrashuvdan keyin o‘ziga mana bu yerda o‘yinni erta to‘xtatib qo‘yding, yana bir holatda yordamching Bahodir Qo‘chqorovga ishonib qolding, deya o‘z fikrlarimni aytdim. O‘zi ham: ‘Dada, to‘g‘ri aytyapsiz, menga biroz sovuqqonlik yetishmadi’, dedi. Ham otasi, ham murabbiyi bo‘lganim uchun uning xatolarini berkitmasligim kerak. Hammasini ro‘y-rost o‘ziga aytaman. Egallagan pozitsiyang to‘g‘ri bo‘lganida, mana bu xato kelib chiqmasdi, deb hamisha kamchiliklarini aytaman. Bo‘ldi, hamma narsaga erishdim, bilmaydigan narsamning o‘zi qolmadi, degan inson xato qiladi”.
“Avvallari arbitr maydonga, yordamchilari aut, burchak to‘pi va o‘yindan tashqari holatlarga javob berardi. Hozir unday emas. Qanot hakamlarining maydonda bajaradigan vazifalari ortgan. Maydondagi har bir holatga to‘rttala hakam bir xilda javob beradi. Abduhamidullo Rasulov ham o‘zimning shogirdim. Ming bor shukrki, ikkala shogirdim ham jahon chempionatida muvaffaqiyatli hakamlik qilib, dunyo futbol jamoatchiligining diqqatini tortdi. Menga bundan ortiq baxt bormi? Ham farzandim, ham shogirdim, albatta bundan juda xursand bo‘laman. Yurtimizdagi futbol ishqibozlariga katta rahmat, haligacha qo‘ng‘iroq qilib, tabriklashyapti. Ayniqsa, 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kunida telefonimni suv quyib, sovutdim, desam ham bo‘ladi”, — dedi Sayfiddin Ermatov.
U, shuningdek, farzandi hakamlar maktabida yosh hakamlar uchun turli seminar va mahorat saboqlarini o‘tayotganini ma’lum qildi: “Lekin so‘nggi paytlarda bo‘sh vaqti deyarli bo‘lmayapti. Jahon chempionatidan qaytib kelganidan so‘ng boshqarayotgan o‘yinlaridan tashqari, turli uchrashuvlarga ham chaqirishyapti. O‘quv yurtlarida kelajagimiz egalari hisoblangan talabalar bilan uchrashyapti. Shularni ko‘rib, g‘ururlanaman”.
Sayfiddin Ermatov tajribali hakam sifatida bu kasbni tanlash ostonasida turgan yoshlarga o‘z tavsiyalar berdi: “Birinchi galda professionalizm yo‘liga o‘tish kerak. Uyda bir yig‘in bo‘ladimi, qarindoshlarnikida to‘y-hashammi, Ravshanga: ‘O‘g‘lim, sen mashg‘ulotingga boraver, sendan hech kim xafa bo‘lmaydi va hech kim gina ham qilmaydi’, deb aytardim. Mashg‘ulotlarini o‘tkazib, keyin yana qo‘shilib ketaverardi. Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak. Aks holda, ko‘zlangan maqsadga erisha olmaysiz. Bugungi kunda iste’dodli yosh hakamlar yetishib chiqyapti. Ulardan biri Sherzod Qosimov. Ravshanning o‘zi unga ustozlik qilyapti. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hakamlarni tayyorlash maktabi o‘z mevalarini bera boshladi”.
“BAAdan kelganidan keyin uyda ikki soatgina bo‘ldi. Kiyimlarini yig‘ishtirib, ‘Neftchi’ ishtirokidagi uchrashuvni boshqarish uchun Farg‘onaga yo‘l oldi. O‘yindan so‘ng, qo‘ng‘iroq qilib: ‘Dada, o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan bo‘lishiga qaramay, juda yuqori sur’atda o‘tdi, charchoq ham bilinmadi’, dedi. Ikki tomonning tinimsiz hujumlari ostida o‘tadigan bahslarda hakamlik qilish ham, nazoratchi bo‘lish ham maroqli”, — deya Sayfiddin Ermatov FIFA referisining uyda kam bo‘lishi natijasida farzandlari ham sog‘inishini ma’lum qildi: “Uyda bo‘lgan kuni haqiqiy bayram boshlanadi. Otasi bilan birga uxlashadi. O‘g‘li dekabrda to‘rt yoshga to‘ladi. Futbolga hozirdan mehri bo‘lakcha”.
Ravshan Ermatovning otasi o‘zining murabbiylari haqida ham to‘xtalib o‘tdi: “Sadriddin akam to‘qqiz yoshimda futbol maktabiga olib borgan. Rahmatli Akmal Azizxo‘jayev va Laziz Maqsudovning qo‘llariga topshirgan. Ilk sinovdayoq maktabga qabul qilishgan. Ustozlarimdan bir umrga minnatdorman. Futbolga bo‘lgan qiziqishimni yanada shakllantirishdi. Mendagi futbolga bo‘lgan qiziqish farzandimga o‘tdi. O‘ylaymanki, nabiram ham bu an’anani davom ettiradi. Nafaqat futbol, balki istalgan sport turi bilan shug‘ullangan insondan yomonlik chiqmaydi.
Birinchi galda o‘z salomatligini ta’minlagan bo‘ladi. Eng muhimi, ota-onalar o‘z vaqtida farzandlarining kelajagiga e’tibor qaratsin. Qiziqishlari so‘nib qolmasdan, ma’lum bir yo‘nalishga bersin. U sport turi bo‘lishi shart emas, muhimi, qaysi sohada bo‘lishidan qat’iy nazar, birinchi galda o‘z oilasi va albatta yurt taraqqiyoti uchun xizmat qilsin. Ana o‘shanda hammasi yaxshi bo‘ladi. Ota-onaga farzandi ortidan kelgan rahmatdan totli narsa bormi, bu dunyoda?” — deya Sayfiddin Ermatov o‘z fikriga yakun yasadi.
Izoh (0)