Myanmada 19 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh uchrashuvlarining 3-tur o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
O‘zbekiston — Avstraliya uchrashuvini har ikki terma jamoa juda ehtiyotkorlik bilan boshladi. Jamoalar butkul hujumga tashlanib, tavakkal qilishni istamadi. O‘zbekiston vakillari pozitsion hujum tashkil qilib, vaziyatni o‘z tomonlariga og‘dirishga intildi. Ammo yakuniy zarbani yo‘llashda ularda bir qator muammolar paydo bo‘ldi. O‘z o‘rnida Avstraliya termasida ham gol kiritish uchun bitta-ikkita qulay vaziyatlar yuzaga keldi.
Ammo bu imkoniyatlarni yaqqol golli vaziyat deb atab bo‘lmaydi. O‘zbekiston himoyachilari va darvozaboni yaxshi harakat qilib, bu hujumlarni bartaraf etib turdi. Ochig‘i, bugungi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarida BAA bilan o‘yinda ko‘zga tashlangan ishtiyoq unchalik ko‘rinmadi. Balki murabbiylar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni talab qilgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu taktika birinchi bo‘limda o‘zini oqlamadi. Birinchi bo‘limda O‘zbekiston darvozasi daxlsizligi saqlangan bo‘lsa ham, raqib darvozasi ishg‘ol qilinmadi.
Ikkinchi bo‘limda Avstraliya terma jamoasi 67-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. 82-daqiqaga kelib, Zabihillo O‘rinboyev gol kiritib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Avstraliyalik futbolchilar o‘yin oxirlarida hujumga zo‘r berdi: durang natija ularni qoniqtirmasligi tabiiy edi. Ammo bu vaziyatlarda O‘zbekiston darvozaboni yaxshi harakat qilib, xavfni bartaraf etib turdi. So‘nggi daqiqalar O‘zbekiston uchun ancha tahlikali kechdi. Ammo avstraliyaliklar O‘zbekiston darvozasiga boshqa gol kirita olmadi.
Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, kelasi bosqichga yo‘l oldi. Endi Ravshan Haydarov boshchiligidagi futbolchilar chorak finalda Tailandga qarshi to‘p suradi.
O‘zbekiston — Avstraliya: 1:1
Gollar: Z. O‘rinboyev (82) — Stefan Ingo (67).
O‘zbekiston: Dilshod Hamroyev, Ibrohim Abdullayev, Akromjon Komilov, Javohir Sohibov, Otabek Shukurov, Jamshid Boltaboyev, Doston Hamdamov, Doston Tursunov, Xurshid G‘iyosov, Zabihillo O‘rinboyev, Eldor Shomurodov.
Avstraliya: Jordan Turtell, Shayne Chunna, Daniyel Alessi, Kameron Burgas, Kristofer Gligor, Stefan Mauk, Piter da Silva, Aver Mabil, Jozua Sotirio, Petros Skapetis.
Izoh (0)