Rossiyalik xakerlar Microsoft Windows va boshqa dasturlardagi xatoliklardan foydalanib, NATO, Yevropa Ittifoqi, Ukraina hukumati, shuningdek, energetika va telekommunikatsiya kompaniyalaridagi kompyuterlarda josuslik ishlarini amalga oshirdi. Bu haqda Reuters’ga tayanib, Korrespondent.net xabar bermoqda.
Kiberxavfsizlik sohasiga ixtisoslashgan iSight Partners kompaniyasining qayd etishicha, xakerlar aynan qaysi ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lganini hech kim bilmaydi. Biroq iSight mutaxassislari xakerlarning maqsadi Ukraina mojarolari bilan bog‘liq axborot, shuningdek, diplomatik, energetik va telekommunikatsiya sohalariga oid ma’lumotlar bo‘lganligini taxmin qilmoqda.
iSight’ning o‘zi Ukraina hukumatining ayrim kompyuter tizimlariga hujum qilingani bilan bog‘liq dalillarga ega ekanligini ta’kidladi. Shunga qaramay, kompaniya mazkur hujum qurbonlarini masofadan turib aniqlay olmadi.
Nashrda qayd etilishicha, mazkur josuslik besh yildan beri amalga oshirib kelingan. Bu vaqt mobaynida xakerlar o‘z maqsadlariga erishish uchun bir qator hujum turlaridan foydalangan. Biroq ular faqatgina joriy yilning avgust oyidan ko‘plab Windows versiyalarida uchraydigan xatolikdan foydalana boshlagan.
iSight mutaxassislari dastur kodidagi ma’lum belgilarga tayangan holda hujumlar rossiyaliklar tomonidan amalga oshirilgan, deb hisoblamoqda. Shuningdek, bunday taxmin paydo bo‘lishiga maqsadning o‘ziga xosligi ham sabab bo‘lmoqda.
Izoh (0)