Google, Microsoft va Facebook kabi kompaniyalar AQSh maxsus xizmatlarining internetni nazorat qilishga urinishi xorijlik mijozlar AQSh axborot texnologiyalari kompaniyalari xizmatlaridan voz kechishiga va internetning milliy hududlarga bo‘linib ketishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda, deb xabar bermoqda “Noviy vek”.
Milliy xavfsizlik agentligining tanqidchisi bo‘lgan senator Ron Uayden tomonidan Palo Altoda tashkillashtirilgan konferensiyada yirik IT-kompaniyalar vakillari internetning milliy hududlarga bo‘linib ketishi oxir-oqibatda yagona internetning yo‘qolib ketishi mumkinligini taxmin qilgan.
Google direktorlar kengashi raisi Erik Shmidt AQSh Milliy xavfsizlik agentligining bu boradagi harakatlarini keskin tanqid qilgan. Daily Mail nashrining xabariga ko‘ra, Microsoft, Facebook, Dropbox kabi texnologiya kompaniyalari vakillari ham Shmidt bilan hamfikr ekanliklarini ma’lum qilgan.
AQSh Milliy xavfsizlik agentligi tekshiruvlari oqibatida internetning tarqalib ketishi mumkinligini 2013-yil dekabr oyida mashhur “Kasperskiy laboratoriyasi” bosh eksperti Aleksandr Gostev ham taxmin qilgan edi. Bu jarayonning boshlanishi sifatida Xitoyning “Buyuk Xitoy fayervoli” tarmog‘i, Germaniyaning davlat muassasalarida alohida tarmoq o‘rnatish loyihasi, Braziliyaning AQShninkiga muqobil boshqa internet-kanal o‘tkazish g‘oyasi kabi misollar keltirilgan.
Izoh (0)