Xitoyning Shandun provinsiyasidagi Yantay shahri sudi “Qodir xudo cherkovi” diniy firqasining ikki a’zosini o‘lim jazosiga mahkum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”. Ular firqachilar bilan bog‘lanishdan bosh tortgan ayolni o‘ldirganlikda ayblanmoqda.
Qurbon joriy yilning may oyida Chjaoyuan shahridagi McDonald’s qahvaxonalaridan birida o‘z safiga yangi a’zolarni jalb qilayotgan firqachilarga uyali telefon raqamini bermagani uchun o‘lgunicha kaltaklangan. Bu ish bo‘yicha jami 5 kishi javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ulardan biri umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan, yana ikki nafari 10 va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Sharq chaqmog‘i” deb ham ataladigan ushbu diniy yo‘nalishga 1990-yillar boshida Xenan provinsiyasida Chjao Veshan asos solgan bo‘lib, u o‘z xotini Yan Syanbinni “ikkinchi Masih” deb e’lon qilgan. Ular atrofida paydo bo‘lgan firqa ko‘plab qonunbuzarliklar, jumladan, o‘g‘rilik va qotilliklarda ayblangan.
Izoh (0)