“Haj — 2014” mavsumi borgan sari o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. O‘zbekiston hojilari bu ulug‘ ibodatni ado etib bo‘lib, endilikda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoqda. Bu haqda O‘zbekiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning axborot xizmati xabar bermoqda.
Shunday ziyoratchilardan biri Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi Musojon Eraliyev o‘z taassurotlarini quyidagicha bayon etdi: “Mehmonxonamizning peshtoqida O‘zbekiston bayrog‘i xilpirab turibdi. Bizlarga ajratilgan avtobuslarning barchasida ‘O‘zbekiston’ yozuvi va bayrog‘i bor, ko‘cha-ko‘yda ham o‘zbekistonliklar ularga tikilgan maxsus kiyimlarda yuradi. Avtobuslar Harami sharifga tun-u kun 24 soat mobaynida qatnaydi. Boshqa davlatlar hojilarining borib-kelishini kuzatsam, go‘yoki avtotransportlar biz uchun ajratilgandek. Albatta, ular ham ma’lum transport vositalarida borib-keladi. Lekin bizning avtobuslar odamlarimizni ko‘p ham muntazir qilmasdan tezroq yurishga harakat qiladi.
Harami sharifda odam ko‘p: bir soniyaga e’tiboringizni yo‘qotsangiz, o‘z guruhingizdan ajralib qolishingiz turgan gap. Bunday vaziyatga tushib qolgan paytimda qayoqqa borishim va kimdan nimani so‘rashimni bilmay, Yaratgandan ilinj istagida u yoq, bu yoqqa anchagina yurdim. Shunda birdan vatanimiz bayrog‘i mavjud maxsus tikilgan nimchalardagi uch-to‘rt kishini ko‘rdim-u, qalbimda umid nishonalari uyg‘onib, ko‘zimga bilinar-bilinmas yosh keldi. Yuragimdan mamlakatimiz bayrog‘i naqadar chiroyli va maftunkor ekanini his qildim, ichimda faxr tuyg‘usi uyg‘ondi. Mamlakatimizda yurganimda bayroqqa bunchalik darajada mehrim borligini sezmagan ekanman ham. Endi esa uni ko‘zimga to‘tiyo qilaman. Bu kabi hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash oson emas, albatta. Buni men kabi holga tushganlar yaxshi anglaydi.
Xullas, safarimiz yakunlanib, vatanimizga oshiqqanim sari men go‘zal diyorim, mahallam, oilamni va albatta bayrog‘imizni naqadar qattiq sevishimni anglab yetmoqdaman. Mening bu ziyoratim ibodatga to‘la bo‘lishi bilan bir qatorda vatanim, O‘zbekistonim va bayrog‘im bilan faxrlanishimni menga bildirdi. Ushbu safarim mening xotiramda bir umr qoladi”.
Izoh (0)