Tinchlik bo‘yicha 2014-yilgi Nobel mukofoti pokistonlik 17 yoshli huquq himoyachisi Malala Yusufzay hamda hindistonlik bolalar huquqi kurashchisi Kaylash Satyartxiga beriladigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda Gazeta.ru.
O‘z shaxsiy blogida “Tolibon” harakatini tanqid qilib, ayollarning ta’lim olish huquqini himoya qilib chiqqan Yusufzay 2013-yilda “Fikr erkinlig uchun” Saxarov nomidagi mukofotni ham olgan edi. Satyartxi esa Bachpan Bachao Andolan tashkilotiga asos solib, deyarli 15 yillik faoliyati davomida 80 mingdan ortiq bolalarni turli shakldagi qullikdan ozod qilgan va ularning normal hayotga moslashib, ta’lim olishiga ko‘maklashgan.
Bu yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlar ro‘yxatidan 231 kishi hamda 47 xalqaro va jamoatchilik tashkilotlari o‘rin olgan edi. Eng asosiy nomzodlar sifatida Rim Papasi hamda Edvard Snouden ko‘rsatilayotgan edi.