O‘zbekistondagi barcha siyosiy partiyalar — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi amaldagi qonunchilikka binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar va saylovchilarning siyosiy partiyani saylovlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Har bir partiya saylovda uni qo‘llab-quvvatlaydigan saylovchilarning kamida 40 mingta imzosini to‘plashi zarur edi. Bunda O‘zbekistonning bitta ma’muriy-hududiy tuzilmasida to‘plangan imzolar soni talab etilgan imzolar sonining sakkiz foizidan oshmasligi belgilangan.
Bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasida imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha ishchi guruhi o‘z ishini davom ettirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert kriminalistik markazi xodimi Eldor Kabilovning ma’lum qilishicha, tekshirish uchun imzo varaqalari tanlash yo‘li bilan ajratib olinmoqda.
“Saylovchilar imzolari va saylov varaqalariga imzo qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar zarur miqdorining kamida 15 foizi tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ishchi guruhi o‘z faoliyatini tugatganidan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasiga o‘z xulosasini beradi”, — dedi Eldor Kabilov.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim qilingan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi.
Izoh (0)