Oliy liganing 19 va 21-turlaridan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” — “Navbahor” hamda “So‘g‘diyona” — “Metallurg” uchrashuvlarida qayd etilgan 5:4 hisoblari ko‘pchilikni ajablantirish bilan bir qatorda e’tiroz va gumonlarga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Murabbiylarning o‘zi Zomindagi stadionda futbol o‘ynab bo‘lmaydi, deb turgan bir vaziyatda jizzaxliklar ikki uchrashuvda raqiblar darvozasini 10 marta ishg‘ol qilishi ajablanarli holatdir. Vaholanki, bu stadionda chempionlikni ko‘zlayotgan, tarkibida tajribali futbolchilar to‘p suradigan “Lokomotiv” ikkitagina gol urgandi. “Neftchi” esa umuman golsiz qaytgan. Xo‘p, jizzaxliklar mezbon sifatida maydonga ko‘nikib olgan dersiz, unda “Navbahor” va “Metallurg” futbolchilari-chi?
Demak, mazkur jamoalar tarkibida to‘p surayotgan futbolchilar mahorat bobida “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Nasaf” a’zolaridan o‘tib ketibdi-da! Endi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibini yoppasiga “So‘g‘diyona”, “Metallurg” va “Navbahor” futbolchilari bilan to‘ldirsa bo‘laverar ekan-da!?
Xullas, ma’lum qilinishicha, bu uchrashuvlar FIFAning ham e’tiborini tortgan va bellashuv yozilgan diskni so‘ragan. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Albatta bularning barchasi mish-mish, ammo mish-mish bo‘lmasligi ham mumkin, deb qayd etdi Stadion.uz.
Izoh (0)