Shimoliy Atlantika alyansiga kiruvchi Sharqiy Yevropa mamlakatlari Rossiyadan xavfsiramasligi kerak. Negaki, NATO ularning xavfsizligiga kafolat beradi. Bu haqda alyansning yangi bosh kotibi Yens Stoltenbergning 4-oktabr kuni Financial Times gazetasida e’lon qilingan intervyusiga tayanib, Korrespondent.net xabar bermoqda.
“Biz aholisi besh millionga teng bo‘lgan kichik mamlakat edik. Biroq sovuq urush vaqtida o‘zimizni doim xavfsizlikda his qilganmiz. Chunki bizda doimiy bazalari yo‘qligi yoki harbiylar joylashtirilmaganiga qaramay, NATO bizga yordamga kelishiga ishonganmiz. Men Rossiya bilan chegaradosh kichkina mamlakat bo‘lish qanday ekanligini tushunaman”, — dedi Norvegiyaning sobiq Bosh vaziri Stoltenberg.
Bosh kotib NATO a’zolarining barchasi, ayniqsa, Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan sharqiy hamkor davlatlarning ehtiyojini tushunishini ta’kidladi. Stoltenberg Norvegiyaning o‘zini dadil his qilgani va hozir ham his qilishi kabi qolgan barcha hamkorlarda ham shunday ishonchni uyg‘otish o‘zining vazifasi ekanligini qayd etdi.
Bosh kotib alyansning Sharqiy Yevropadagi harbiy ishtirokini cheklovchi eng muhim Rossiya — NATO hujjati denonsatsiya (bekor) qilinishiga qarshiligini bildirdi.
“Biz xalqaro shartnomalarni buzmagan holda sharqiy hamkorlarimiz hududidagi harbiy ishtirokimizni kengaytirish yo‘lini topdik”, — dedi Stoltenberg.
Intervyu berar ekan, NATO Bosh kotibi Ukrainaning alyans a’zosiga aylanishi borasida o‘z fikrini bildirishdan bosh tortib, Ukraina NATOga kirish uchun, eng avvalo, rasman ariza berishi kerakligini aytdi.
Yens Stoltenberg, shuningdek, Ukraina sharqidagi qurolli mojaroni tartibga solish istiqbollarini baholashdan ham o‘zini tiydi.
Izoh (0)