Xitoyning birinchi xonimi Pen Liyuan ayni damda XXR hukumati tomonidan Gonkongdagi tartibsizliklar sababli yopib qo‘yilgan Instagram’ga o‘zining suratini joyladi. Bu haqda That's Beijing nashri xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqqa 29-sentabr kuni kiritilgan suratda “xalq onasi” o‘zining turmush o‘rtog‘i — XXR raisi Si Szinpin bilan birga turgani tasvirlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy foydalanuvchilari Instagram’ga faqat o‘zlarining sahifalariga, shuningdek, Twitter’ning mahalliy ko‘rinishi — Weibo’ga kira olishi mumkin. Mazkur holat mamlakatda 28-sentabr kechki paytdan boshlab kuzatilmoqda. Biroq birinchi xonim Pen Liyuandan boshqa hech bir foydalanuvchilarda rasm joylashtirish va xabarlar tasmasini yangilashning imkoni yo‘q.
Internet foydalanuvchilari Pen Liyuan joylagan rasmga turlicha izoh qoldirgan. Xususan, ulardan biri “Iltimos, o‘zingizning dasturiy ta’minotingizni biz bilan ham baham ko‘ring”, — deb qayd etgan.
South China Morning Post nashrida xabar qilinishicha, ayni damda Gonkong aholisi yopib qo‘yilgan Instagram va Weibo o‘rniga FireChat mobil ilovasidan foydalanmoqda. Mazkur ilova aloqa doirasidan tashqarida internetsiz ham ishlay oladi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarning yopib qo‘yilishi Gonkong voqealari bilan bog‘liq bo‘lib, u yerdagi aksiyalarda qatanashayotgan namoyishchilar ayni damda yetti million aholi istiqomat qiluvchi Gonkongda o‘rnatilgan ikki bosqichli saylovlar o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini talab qilmoqda.
Izoh (0)