Microsoft korporatsiyasi asoschilaridan biri Bill Geyts Forbes jurnali tomonida e’lon qilinadigan AQShning eng boy 400 nafar kishilari ro‘yxatida ketma-ket 21-marta birinchi o‘rinda ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, taniqli amerikalik tadbirkor va jamoat arbobining boyligi 81 milliard dollarga teng. Ikkinchi o‘rin yana Berkshire Hathaway xolding kompaniyasi rahabri, afsonaviy sarmoyador Uorren Baffetga nasib etdi. Umumiy boyligi 68 milliard dollarga baholangan milliarder bu pog‘onani 2001-yildan buyon egallab kelmoqda. Ro‘yxatning uchinchi o‘rnida 50 milliard dollar bilan dasturiy ta‘minot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Oracle kompaniyasi asoschisi Larri Ellison bormoqda.
Forbes’ga ko‘ra, AQShning 400 eng boy kishisidan 11 nafari hali 40 yoshga ham chiqmagan. Ularning ichida eng boyi Facebook asoschisi Mark Sukerbergdir. Umumiy ro‘yxatda 11-o‘rinda joylashgan 30 yoshli milliarderning umumiy boyligi 34 milliard dollarga teng bo‘lib, bu uning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichidan 15 milliard dollarga ko‘proq. 400 milliarderning jami boyligi o‘tgan yilgidan 270 milliard dollarga ko‘paygan va 2,29 trillion dollar deb baholangan.
Izoh (0)