Fransiya tarixida ilk marotaba parlamentning yuqori palatasi bo‘lgan Senatga ultra-o‘ng partiya −“Milliy front” kirishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Yevropeyskaya pravda”.
“Bu ‘Milliy front’ uchun ulkan tarixiy g‘alaba”, − dedi partiya yetakchisi Marin Le Pen. Fransiya Senatiga saylovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki 88 ming mintaqaviy va mahalliy vakillarning ovoz berishi orqali amalga oshiriladi. Saylov natijalariga ko‘ra endilikda Fransiya Senati tarkibiga ultranatsionalistlarning ikki vakili kiradigan bo‘ldi. “Milliy front” va muxolifatdagi boshqa partiyalarning Senatdagi umumiy mandatlari soni esa 2011-yildan buyon parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilib kelayotgan Sotsialistlar partiyasi mandatlaridan oshib ketdi.
Ta’kidlash joizki, Fransiya parlamenti quyi palatasi hisoblangan Milliy majlisda “Milliy Front”dan vakil avval ham bo‘lgan va hozirda ham partiyaning 2 deputati bor. Ultramillatchilar may oyida Fransiyada Yevropa parlamenti saylovlarida ham g‘alaba qozongan edi.
“Yevropeyskaya pravda” internet-nashri “Milliy front”ni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning G‘arbdagi asosiy ittifoqchisi sifatida qayd etgan. Marin Le Pen esa o‘zining Putinga bo‘lgan xayrixohligini yashirmay keladi.
Izoh (0)