26-sentabr kuni Respublika Kinochilar uyi va Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida ssenariynavis va rejissyor Abduxalil Mignarovning “Yoningdaman!” (“Ota”) badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligining axborot xizmati xabar bermoqda.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Jahongir Qosimov A.Mignarovni milliy mustaqillikning 23 yillik bayrami arafasida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga sazovor bo‘lgani va uning to‘liq metrajli film ssenariynavisi va rejissyori sifatidagi muvaffaqiyatli debyuti bilan qutladi.
Filmda ota bilan farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, odamiylik, mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlar aks ettirilgan. Vaqtida farzandlar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berolmagan ota xatolarini tuzatish, nogiron kenja o‘g‘lini davolatish uchun safarga otlanadi. Ular yo‘lda turli ibratli voqealarga guvoh bo‘ladi. Oxir-oqibat ota hayotda hech qachon ezgulik beiz ketmasligiga ishonch hosil qiladi.
Kinotanqidchilarning fikricha, filmda aktyorlar ansambli yaxshi tanlangan. Ayniqsa, taniqli aktyorlar Karim Mirhodiyev va Seydulla Moldaxonov ishtirok etgan sahnalar jozibali chiqqan. Yosh aktyor Fotih Ochilovning mahorati ham ularning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “Yoningdaman!” (“Ota”) badiiy filmi 26-sentabrdan boshlab, Respublika Kinochilar uyi va A.Navoiy nomidagi kino saroyida namoyish etilmoqda.
Izoh (0)