O‘zbekistonlik karate ustalari Ozarbayjon va Singapurda o‘tgan xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etdi. Boku shahrida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida tajriba va mahorat oshirgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Boku open xalqaro turnirida qatnashib, bittadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Musobaqada Barno Mirzayeva o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Hilola Badalova bronza medal bilan taqdirlandi. Jamoaviy kumite bahslarida o‘zbekistonlik qizlar kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Mazkur yig‘in va xalqaro turnir O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilayotgan XVII Osiyo o‘yinlariga so‘nggi tayyorgarlik bosqichlaridan biri bo‘ldi. Osiyo o‘yinlari dasturiga ko‘ra, karate bo‘yicha bahslar 2—4-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik sportchilar nufuzli musobaqaga 28-sentabr kuni yo‘l oladi.
Singapurda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda yosh sportchilar beshta oltin, uchta kumush va bitta bronza medalga sazovor bo‘ldi. O‘z vazn toifasida Samar Hamroyev, Said Tojiboyev, Hasan Abdushukurov, Xumora Yo‘ldosheva va Zulxumor Tursunaliyeva birinchi o‘rinni egalladi.
Izoh (0)