O‘zbekiston sport delegatsiyasi 19-sentabr — 4-oktabr kunlari XVII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Koreya Respublikasining Incheon shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston sportchilarini nufuzli musobaqaga kuzatish uchun sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari vakillari yig‘ildi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tadigan bu galgi Osiyo o‘yinlarida qit’aning 40 dan ziyod davlatidan 10 mingga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashadi. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik 300 nafarga yaqin sportchi 32 sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
“Mamlakatimiz sportchilarining yirik sport anjumanlarida shohsupaga ko‘tarilishi yaxshi an’anaga aylangan, — dedi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Jamol Shodmonov. — Ishonchimiz komilki, yurtdoshlarimizning Incheonda erishadigan natijalari avvalgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan yuqori bo‘ladi”.
Izoh (0)