Rossiyaning Yakutsk shahrida talabalar o‘rtasidagi VI jahon chempionati yakunlandi. Musobaqaning so‘nggi kuni final bahslari o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Jahon chempionatida dunyoning 14 davlati bokschilari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
O‘zbekiston terma jamoasiga yagona oltin medalni Shaxram Giyasov (-64 kg) keltirdi. U hal qiluvchi final jangida qozog‘istonlik Maulen Oskenbekni 3:0 hisobida mag‘lub etib, talabalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.
Finalga yetib kelgan O‘zbekistonning ikkinchi vakili Mirzobek Hasanov (-91 kg) esa kumush medal bilan taqdirlandi. Finalga qadar qozog‘istonlik Aybek Yermetovni 3:0, rossiyalik Anton Zaysevni 2:1 hisobida yenggan Mirzobek final bahsida belaruslik Sergey Karneyuga imkoniyatni boy berdi.
Ulug‘bek Haqberdiyev (-75 kg) esa yarim finalda rossiyalik Suxrob Siddiqovga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ulug‘bek chorak finalda vengriyalik Adam Zoltanni uchinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lub etgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bokschilaridan Nodirjon Mirzahmedov (-49 kg) ilk bahsida qozog‘istonlik Oljas Bayniyazovga, Ravshanbek Umurzoqov (-60 kg) tojikistonlik Shavkatjon Rahimovga, Otabek Ibragimov (-81kg) va Zohidjon Hurboyev (-56 kg) mos ravishda qozoq bokschilari Tursinbay Qulaxmet hamda Nurbol Kaljanovlarga imkoniyatni boy berib, o‘z ishtiroklarini muddatidan avval yakunlagan edi.
Shuningdek, ushbu jahon chempionatida o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi referi Bahodir Jumaniyozov ham hakamlik qildi.
Izoh (0)