Qozog‘istonda 2017-yilga borib, politsiya xodimlari jezl (tayoq)lari o‘z kuchini yo‘qotadi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Bakitjon Sagintayev bergan axborotga tayanib, Tengrinews.kz xabar bermoqda.
“Huquqni muhofaza qilish organlari tizimida avtopatrul usuliga bosqichma-bosqich o‘tiladi. Biroq bu jarayon harakatni qo‘l bilan boshqarish va tezkor qidiruv tadbirlarini olib borishga taalluqli emas. 2017-yildan boshlab, bizda politsiyachilar tayog‘i faoliyatdan butunlay chiqariladi”, — dedi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari “Qozog‘iston — 2050” demokratik kuchlari butunmilliy koalitsiyasi yig‘ilishida. Sagintayev, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq hukumat choralarini ham ma’lum qildi.
Avvalroq Qozog‘istonda savdo-sotiq maqsadlarida ishlatilmaydigan, ko‘pi bilan yetti yil foydalanilgan shaxsiy avtomobillar texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasligi xabar qilingan edi. Shuningdek, transport vositasini boshqarish ushun ishonchnomani tekshirish ham bekor qilinadi.
Bundan tashqari, mamlakat qonunchiligiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarni kuchaytirilgan javobgarlikka tortish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, transport vositasini boshqarayotganda telefonda gaplashgan haydovchilar eng kam ish haqining besh barobaridagi jarimaga tortiladi. Mazkur qonunbuzarlik ma’muriy jarima joriy etilgan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida takrorlansa, haydovchi eng kam ish haqining yetti baravarida jarima to‘laydi.
Izoh (0)