Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi va “Istiqbol” yoshlar qanoti tomonidan tashkil etilgan “Yosh siyosatchi – 2014” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridan faol yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi X.Ketmonov va boshqalar Prezident rahnamoligida O‘zbekiston kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
Joriy yilda ko‘rik-tanlov “Men Vatanim ravnaqiga hissa qo‘shmoqchiman!” shiori ostida o‘tkazildi. Uning hududiy bosqichlarida 14 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etib, ulardan 15 nafari yakuniy bosqichda qatnashish uchun saralab olindi. Ko‘rik-tanlov yakuniy bosqichining uch kunlik dasturi davomida ular nafaqat tajriba almashish, tashabbus va g‘oyalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, balki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
“Yosh siyosatchi — 2014” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra, Termiz davlat universitetining tarix fakulteti talabasi Sardor Azimov birinchi, Buxoro iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Zufarjon Muzaffarov ikkinchi, Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Nurshod Ramazonov uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Joriy yilda ko‘rik-tanlovda taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirish asosida qariyb 880 ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)