2014-yil 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi.Ushbu Qonun asosida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga ham qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar berdi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Unga ko‘ra, endilikda yigirma besh yoshga to‘lgan, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovni, referendumni tashkil etish va o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Qonun asosida kimlar Markaziy saylov komissiyasi a’zosi bo‘la olmasligi ham belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, quyidagi shaxslar Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas:
- og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
- O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari;
- Milliy xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
- diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari.
Izoh (0)