Toshkent viloyati Piskent tumanida bunyod etilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi yuksalib, shifoxonalar moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, tibbiyot xodimlarining bilim va malakasi oshib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Shifoxona “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Prezidentning joriy yil 1-avgustda qabul qilingan “2014—2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barpo etildi. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu shifo maskani tuman ahli uchun O‘zbekiston mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Izoh (0)