“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi vakillaridan birining ma’lum qilishicha, kompaniya 2015-yilda mamlakatning markaziy qismidagi Maroqand — Navoiy — Buxoro yo‘nalishini elektrlashtirish ishlariga kirishadi. Mazkur loyihaning qiymati 672 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda “Noviy Vek” gazetasi xabar bermoqda.
2015-yilning birinchi yarim yilligida loyihani texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash va moliyalashtirishni boshlash rejalashtirilmoqda. Jami 232 kilometrdan iborat hududni elektrlashtirish va qurish loyihasi mazkur yo‘nalishda qatnov darajasini deyarli 40 foizga oshirish imkonini beradi. Loyiha besh yil mobaynida amalga oshiriladi.
Loyiha xalqaro moliya institutlari tomonidan beriladigan kreditlar va O‘zbekiston ajratadigan mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.
Bundan avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” qiymati 960 million dollar, umumiy uzunligi esa 715 kilometrga teng uch yo‘nalishni 2019-yilga qadar elektrlashtirishi haqida ma’lum qilingan edi. Mazkur loyihalar amalga oshirilgach, O‘zbekistonda elektrlashtirilgan temir yo‘llar ulushi 2016-yilda 36 foizdan 42 foizga ko‘tariladi.
Izoh (0)