AQSh hukumati 13—26-sentabr kunlari Ukrainada o‘tkaziladigan Rapid Trident (“Tezkor nayza”) mashg‘ulotlariga 200 ga yaqin harbiyni jo‘natadi. Pentagon matbuot kotibi Stiven Uorrenning aytishicha, bu yerda gap Italiyadagi 173-piyoda qo‘shin diviziyasi harbiylari haqida ketmoqda, deb xabar berdi Korrespondent.net.
AQSh harbiy muassasasida ma’lum qilinishicha, bu mashg‘ulotlar NATO tashkiloti a’zosi bo‘lmagan Ukrainaga hamdardlik bildirish maqsadida olib boriladi. Pentagon matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar tinchlik o‘rnatishga qaratilgan bo‘lib, ularda jangovar patronlardan o‘q uzilmaydi. Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor operatsiyalar, patrul, kolonnalarni kuzatib borish, shuningdek, portlovchi qurilmalarni xavfsizlantirishga qaratiladi.
Nashrning ta’kidlashicha, amerikalik harbiylar Ukraina sharqida mojaro boshlangandan beri bu mamlakatga kelmagan.
AQSh Davlat departamenti vakili Jen Psaki Rapid Trident mashg‘ulotlari Ukraina voqealari bilan bog‘liq emasligini qayd etdi. “Bu har yilgi mashg‘ulotlar bo‘lib, ular hozirgi voqealarga javob tariqasida o‘tkazilmayapti”, — dedi Psaki.
Ma’lumot uchun, Rapid Trident mashg‘ulotlarida NATOga a’zo davlatlar bilan birgalikda jami 15 mamlakatdan mingga yaqin harbiy ishtirok etadi.
Izoh (0)