O‘zbekistonlik bloggerlardan biri Baxtiyor Toshtemirov O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga taklif bilan murojaat qildi. Taklif Uff.uz’ning bloglar uchun ajratilgan maxsus sahifasida e’lon qilindi.
Bir necha kun avval Uff.uz saytiga joylangan futbol ishqibozining maktubini o‘qigan Baxtiyor Toshtemirov muxlisning “dardi”dan kelib chiqib, “Sport” telekanalining millionlab muxlislarni “kasal” qilib qo‘yganiga yana bir bor amin bo‘lganini qayd etdi.
Baxtiyor: “Maqolada keltirilgan muxlisning taklifi 100 foiz o‘rinli. ‘Sport’ kanali Yevropa futbolini namoyish etmasa, shaharlik ishqibozlar uchun muammoga aylanmasligi tabiiy. Ular kabel orqali dunyoning istalgan qismidagi futbol o‘yinlarini muammosiz tomosha qilishlari mumkin. Ammo mamlakatimizda aholining ko‘p qismi qishloq joylarida yashashini hisobga oladigan bo‘lsak, u yerdagi millionlab muxlislar uchun bunday holat haqiqatdanam achinarli. Shunday ekan, bu muammoni zudlik bilan hal etishga harakat qilishimiz kerak. Oldingi maqola muallifining taklifi juda yaxshi, lekin buni amalga oshirish biroz murakkab. Sabablarini esa o‘zingiz juda yaxshi bilasiz.
Meni ham O‘zMTRK uchun maxsus taklifim bor. Bu taklifim bugungi gap emas, bu haqda avval ham ko‘p gapirganman. Qisqasi, futbol ishqibozlari uchun alohida telekanal ochilsa va dunyo futbolidagi barcha yirik chempionatlar efirga uzatilsa. Shu o‘rinda translyatsiya uchun mablag‘ masalasi paydo bo‘lishi, tabiiy. Bu savolga oddiy va sodda qilib javob berish mumkin. Dunyoda milliardlab mablag‘ keltirishi mumkin bo‘lgan biznes turi bor. Ha topdingiz, bu — reklama. Keling, biz ham reklamadan foydalanamiz. Bu narsadan kattagina daromad topish mumkinligi hech kimga sir emas.
Agar biz xohlagan ‘Futbol’ telekanali ish boshlasa, uning barcha xarajatlarini namoyish etiladigan reklamalar orqali qoplashning imkoni bo‘lsa kerak, albatta. Biz uchun 24 soat futbol namoyish etishlari shart emas, kun davomida 10—12 soat futbol namoyish qilinib (taxminan 5—6 ta o‘yinga to‘g‘ri keladi), efirning qolgan qismida faqat tijorat ko‘rsatuvlari yoki reklama uzatilsa ham, mayli. Bu telekanalni yurtimizdagi millionlab muxlislar tomosha qilishini hisobga olsak, kanaldagi reklamalar 100 foiz foyda keltirishiga ishonish mumkin. Qolaversa, ushbu telekanal O‘zbekistondagi eng ommabop va mashhur telekanal bo‘lishi aniq,” — der ekan, “Chiqmagan jondan umid” ekanligini aytib fikrini yakunlagan.
Izoh (0)