O‘zbekiston Intellektual mulk agentligi “Yangi intellekt — 2014” eng yaxshi intellektual mulk obyekti uchun yillik tanlov o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda Turkiston-press nodavlat axborot agentligi xabar bermoqda.
Tanlov respublikada ixtirochilik va ilmiy-texnikaviy ijodiyotni rag‘batlantirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi texnika, texnologiya va raqobatbardosh mahsulotlarni yaratishga ko‘maklashish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, ixtirochilik faoliyatini faollashtirish, qo‘llab-quvvatlash, eng yaxshi intellektual mulk obyektlarini aniqlash va huquq egalarini mukofotlash maqsadida ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, dasturiy mahsulotlar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Tanlov 2014-yilning 1-sentabridan 2015-yil 1-martiga qadar davom etib, unda eng yaxshi ixtiro, eng yaxshi foydali model, eng yaxshi sanoat namunasi, eng yaxshi dasturiy mahsulot singari nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Agentlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tanlovga oxirgi uch yil ichida O‘zbekiston Respublikasi patentini olgan intellektual mulk obyektlari hamda milliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar qabul qilinadi.
Tanlovda barcha nominatsiyalar bo‘yicha sovrinli 1—3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar pul mukofotlari bilan taqdirlanib, ularga tanlov tashkilotchilaridan esdalik sovg‘alar topshiriladi.
Izoh (0)