Toshkent shahrining Hamza tumani nomini o‘zgartirish vaqti yetib kelgani haqida fikr-mulohazalar yangramoqda. Xususan, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovning “Xalq so‘zi” gazetasining 2014-yil 23-avgust sonida chop etilgan maqolasida ta’kidlanishicha, Toshkentda joylarga nom berishda shoshma-shosharlikka berilmasdan, chuqur o‘ylab, xalq bilan fikrlashib, bosqichma-bosqich ish olib borilmoqda, deb xabar berdi “Kun”.
Muhammadjon Quronov 1968 yilning 31 yanvarida Kuybishev va Lenin rayonlarini ixchamlashtirish hisobidan Toshkent shahri tarkibida Hamza rayoni tuzilganini hamda bunday qaror qabul qilishda tarixiy, ijtimoiy-ma’naviy omillar mutlaqo e’tiborga olinmaganligini qayd etadi. “Faqat bitta mezon — hukmron mafkura g‘oyalarini singdirishda qo‘l keladigan omil — ‘inqilob kuychisi’ degan soxta qiyofa hisobga olingan, xolos”, — deydi u.
Xabar berishlaricha, poytaxtning ulkan hududini egallagan, 200 mingdan ziyod aholi yashab, mehnat qilayotgan Hamza tumani nomini o‘zgartirish masalasi kun tartibida turibdi. Hozirgi vaqtda ushbu tumandagi mahallalar aholisi, ziyolilardan bu borada qator takliflar kelib tushgan, ular orasida tumanning yangi nomi borasidagi takliflar ham bor.
“Bu bir insonning xohish-irodasi bilan bo‘ladigan ish emas, buning o‘ziga xos rasmiy jarayoni bor, xususan, bu takliflar hali Oliy Majlisga taqdim etilmagan. Hozirgi vaqtda ushbu takliflar faqat o‘rganib chiqilmoqda, ular orasida Yashnobod varianti ham bor, lekin bu hali rasman hujjat darajasida tasdiqlanmagan”, – deya ma’lumot berildi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatida.
Izoh (0)