Tailand harbiy xuntasi yetakchisi Prayut Chan-Ocha mamlakat Bosh vaziri etib saylandi. 60 yoshli Chan-Ocha mazkur lavozimga nomzodini qo‘ygan yagona shaxs edi, deb xabar bermoqda Euronews.

Prayut Chan-Ocha. Foto: cliprender.com

Prayut Chan-Ocha. Foto: cliprender.com

Vaqtinchalik parlamentda Chan-Ochaga deputatlarning yarmidan ko‘pi ovoz berdi. Natijalar Tailand qiroli Pumipon Adulyadet tomonidan rasman tasdiqlanishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-mayida Tailand Konstitutsiyaviy sudi mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Yinglak Chinavat o‘z lavozimini tark etishi kerakligi haqida qaror chiqargan edi. U o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan.

Yinglak Chinavat boshchiligidagi hukumatning iste’foga chiqishini talab qilgan muxolifatchi kuchlar tomonidan yetti oy mobaynida o‘tkazilgan hukumatga qarshi namoyishlar 22-may kuni Tailandda davlat to‘ntarilishi amalga oshishiga olib keldi. Harbiylar fuqarolik hokimiyatini hukumatdan chetlashtirib, senatni tarqatib yuborgan va konstitutsiyaning amal qilishini to‘xtatgan.