Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilayotgan o‘smirlar olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik Vladimir Svechnikov 10 metr masofadan to‘pponchadan o‘q otish bo‘yicha mikst bahslarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Bolgariyalik Lidiya Nencheva bilan bahsga kirishgan o‘zbekistonlik sportchi saralash bosqichida Norvegiya / Fransiya sportchilaridan iborat juftlikni mag‘lub etib, yarim finalda Hindiston / Sloveniya davlati vakillarini, finalda esa Singapur / Misr duetini yengdi.
“Albatta, ayni paytda xursandchiligimning chegarasi yo‘q. Bugun final musobaqalari o‘tkazilgan joyga O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining deyarli barchasi keldi va butun jamoa bo‘lib meni qo‘llab-quvvatlab turdi. Shu damda men yurtdoshlarimning ham bilvosita qo‘llab-quvvatlayotganliklarini dildan his etib turdim. Bu, o‘z navbatida, menga qo‘shimcha kuch bag‘ishlab, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi. Ushbu g‘alabamni tobora yaqinlashib kelayotgan Istiqlolning 23 yillik bayramiga bag‘ishlayman”, — deydi Vladimir Svechnikov.
Ayni damda O‘zbekiston delegatsiyasi bitta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritgan holda umumjamoa (norasmiy) hisobda 27-o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston medal qo‘lga kiritish borasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinda bormoqda.
Izoh (0)