18-avgust kuni Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi mamlakat sharqidagi ayirmachilarni Lugansk yaqinidagi Xryashevatoye va Novosvetlovka qishloqlari o‘rtasida qochoqlarga hujum uyushtirilganlikda aybladi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Ukraina qurolli kuchlarining ta’kidlashicha, qochoqlarni olib ketayotgan yuk avtomobillarida oq bayroqlar bo‘lgan. Avtomobillar kolonnasi otishmalar olib borilayotgan bahsli hududga kirib qolgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi axborot kotibi Andrey Lisenkoning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida ko‘p kishi halok bo‘lgan; ular orasida ayollar va bolalar ham bo‘lgan. Biroq qurbonlarning soni hozircha aniqlanmagan.
Andrey Lisenko, shuningdek, aholining “Rossiya Federatsiyasi tomonidan jangarilarga berilgan ‘Grad’ raketalari bilan harbiy harakat olib borilayotgan hududni tark etmoqchi bo‘lgan”ini aytib o‘tdi.
Ayirmachilar esa sodir bo‘lgan voqeaga daxli yo‘qligini ta’kidlamoqda. “Donetsk xalq respublikasi” Bosh vaziri Andrey Purgin qo‘zg‘olonchilarning bunday kuchda zarba beradigan harbiy qurollarga ega emasligini aytib, ayblovni targ‘ibot deb atadi.
Izoh (0)