Kecha, 14-avgust kuni “Kamolot” YoIH Markaziy Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali doirasida dunyo rekordchisi Ravshan Ermatov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Bunyodkor” stadioniga yig‘ilgan 300 nafarga yaqin yoshlar bilan uchrashish maqsadida “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ravshan Ermatov stadionga kirib keldi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
— Assalomu alaykum, aziz yoshlar! “Istiqlol farzandlari” yoshlar festivali ishtirokchisi bo‘lish menga ham katta faxr baxsh etadi. Muhtaram Yurtboshimizning "Biz hech kimdan kam emasmiz" degan gaplarining isbotini men o‘z hayotim davomida topmoqdaman, — dedi kirish so‘zi bilan suhbatni ochib bergan Ravshan Ermatov.
Uchrashuv boshlanishidan oldin “Bunyodkor” stadioni majlislar zalida Ravshan Ermatov haqidagi yangi kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kitobga Ermatov o‘z dastxatini qo‘yib berdi.
Kitoblar uchrashuv qahramonlariga sovg‘a sifatida taqdim etildi.
“Bunyodkor” stadionida o‘tkazilgan Ravshan Ermatov bilan uchrashuv va muloqot juda qizg‘in tus oldi. Savollar ham “Kamolot” YoIH sayti, ham ijtimoiy tarmoqlar orqali, ham stadionga yig‘ilganlar tomonidan berildi.
Ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
— Faoliyatingiz davomidagi hozirgacha eng yorqin va esda qolarli o‘yin qaysi?
— Eng esda qolarli o‘yinni hech ikkilanmasdan aytishim mumkin. Bu 2010-yildagi jahon chempionatining ochilish o‘yini. Yoxannesburgda bo‘lgan yig‘ilishda hammaning oldida fransuzchalab ochilish o‘yinini kim boshqarishini e’lon qilishdi. Avvaliga hech kim ishonmadi. Ikkinchi marta o‘qishdi: “Ravshan Irmatov, from Uzbekistan”, — dedi. Biz adashib ketdi, deb o‘yladik. Aslida xursand bo‘lishimiz, qarsaklar yangrashi kerak edi. Lekin uchinchi marta e’lon qilinganda, hech kimda shubha qolmadi.
— Agar jarohat olmaganingizda, Messidek futbolchi bo‘larmidingiz?
— Yo‘q. Bunga javobim aniq, chunki Messi yagona, Messi bitta. Qolgan futbolchilar ham iqtidorli, lekin ular o‘z mehnati bilan erishgan, Messi esa tug‘ma iste’dod. Shuning uchun men Messidek bo‘lolmasdim. Lekin Messi bilan maydonda ko‘p muloqot qilganmiz. Bir-ikki qo‘pol o‘ynaganda og‘zaki, inglizchalab ogohlantirganman. Gapimni tushunmaganmi yo yaxshi gapga o‘rganmaganmi, oxiri sariq kartochka berganimdan keyin o‘zini bosib olgan (kuladi).
Uchrashuvni yanada qiziqarli qilish uchun o‘zbek bloggerlari maydonga tushdi va Ermatovga qarata noan’anaviy “hujum”ga o‘tdi.
Savol: — Savollarimizga tayyormisiz?Javob: — Ha.Savol: — Yaxshi javob. Maktabda hammaning laqabi bo‘lgan. Sizniki qanday bo‘lgan?Javob: — Yo‘q, laqabim bo‘lmagan.Savol: — Malibu qancha benzin yer ekan?Javob: — 12 litr.Savol: — Iqtisod har narsadan ustun. Hammani qiziqtiradigan savol: Ermatov yiliga qancha gonorar oladi?Javob: — Bilmadim, hisoblamagan ekanman.Savol: — Qanaqa tushlar ko‘rasiz?Javob: — Esimda qolmaydi.
Shundan so‘ng bloggerlar bilan dastxat-shou boshlanib ketdi.
Qariyb to‘rt soat mobaynida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda yoshlar ko‘zlarida quvonch bilan FIFA referisidan dastxat oldi, birga suratga tushdi.
Izoh (0)