Viloyatdan Toshkentga kelgan er-xotin Davronovlar poytaxtda o‘g‘li uchun xonadon sotib olishni istaydi. Ular tanishlaridan biri orqali muammoni hal qilishda ko‘mak beruvchi ayol bilan tanishadi va ikki o‘rtada davlat foydasiga musodara qilingan xonadonni bozor narxidan arzonroqqa xarid qilish mumkinligi borasida suhbat bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Uz24 “Na Postu” gazetasiga tayanib, xabar bermoqda.
O‘zini “mansabdor shaxsning qizi” deb tanishtirgan ayolga Davronov oilasi xonadonni rasmiylashtirish uchun avvaliga 2000 dollar, xonadonning o‘g‘illari nomiga o‘tgani haqidagi hokimning buyrug‘ini qo‘lga olgach esa, 15 ming dollar beradi.
Yaxshi narxga poytaxtdan xonadon xarid qilganiga ishongan Davronovlar uy kalitini olish uchun shahar hokimiyatiga boradi. U yerda esa uy rasmiylashtirilgani to‘g‘risidagi hujjatning soxta ekani ma’lum bo‘ladi.
Huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilib, bo‘lgan voqeani aytib bergan Davronovlar oilasi ular mazkur guruh firibgarlariga aldangan uchinchi oila ekanidan xabar topdi.
Firibgarlar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olindi. Aniqlanishicha, ular “mijozlarga ishlov berish”ni birga tashkillashtirgan. Firibgarlar bir soatga qora Mercedes 600 avtomobilini ijaraga olgan. Qo‘riqchi, mansabdor shaxsning qizi, mijoz topuvchi dallol, soxta hujjat tayyorlovchi shaxs singari rollar guruh a’zolari o‘rtasida bo‘lishib olingan.
Mazkur ish bo‘yicha jami yetti kishi javobgarlikka tortildi.
Izoh (0)