Poytaxt markazida joylashgan sobiq “Chorsu” mehmonxonasining binosi qayta quriladi. Bu boradagi hukumat qarori 2014-yil so‘ngiga qadar qabul qilinishi kutilmoqda, deb xabar berdi “Anhor”.
7-avgust Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining matbuot anjumanida binodan foydalanish bo‘yicha bir qator takliflar bor ekanligi qayd etildi.
Binoning yangi ko‘rinishi borasidagi ishlar hukumat qaroridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
kdesignandart.blogspot.com muallifining ma’lum qilishicha, 23 qavatli bino 452 xonadan iborat.
1982-yilda qurilgan mehmonxona avvaliga “Moskva” nomini olgan. O‘zining joylashgan o‘rni hamda tengi yo‘q dizayni bilan tez orada bino shahar timsoliga aylangan.
2000-yillar boshida mehmonxona ta’mirlash uchun yopilgan. Biroq ta’mirlash ishlari vaqti-vaqti bilan to‘xtab qolgan. Bu vaqt mobaynida bino reklama bannerlari uchun qulay joyga aylandi. Xalq orasida binoni turkiyalik tadbirkor sotib olgani haqida mish-mish tarqaldi. Ayrimlar esa mehmonxonaning Janubiy Koreya savdogarlaridan biriga sotilgani haqida gap tarqatdi.
Joriy yilning iyul oyida internetda mehmonxonaning qayta ta’mirlash ishlaridan so‘ng qanday ko‘rinishga kelishi bilan bog‘liq rasmlar paydo bo‘ldi.
Hozirda bino qurilish to‘siqlari bilan o‘rab qo‘yilgan.
Izoh (0)