O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyati Xovos tumanida bir necha kishining kuydirgi bilan kasallangani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
“Respublikada havo harorati ko‘tarilishi natijasida kuydirgi o‘choqlari faollashdi. Haqiqatan ham, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida aholi orasida kuydirgining teri shakli bilan kasallanish qayd etilgan. Ushbu kasallik odamlarga, asosan veterinar ko‘rigisiz uy hayvonlarini so‘yish natijasida yuqqan”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligining Gazeta.uz’ga bergan xabarida.
Kuydirgi tashxisi Xovos tumanining jami to‘qqiz nafar fuqarosiga qo‘yilgan.
Yuzaga kelgan vaziyat tufayli tumanda epidemiyaga qarshi va epizootik tadbirlar o‘tkazildi.
Sanitar-epidemiologik nazorat markazlari va veterinar xizmatlari hamkorligida xonadonlar ko‘zdan kechirib chiqildi. Kasallar bilan aloqada bo‘lganlar nazorat ostiga olindi. Qoramollarning barchasi ko‘rikdan o‘tkazildi va kuydirgiga qarshi emlandi.
Aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilib, kasallikka chalingan deb gumon qilingan hayvonlarni veterinarga ko‘rsatish kerakligi, qoramollarni maxsus punktlarda so‘yish lozimligi ta’kidlandi.
Vazirlik xabarida qayd etilishicha, Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi majlisi o‘tkazilib epidemiologik va epizootik farovonlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Nashrning eslatishicha, sirdaryoliklarning kuydirgi bilan kasallangani haqidagi xabarlar iyul oyi birinchi yarmida xorij OAVlarida paydo bo‘lgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida esa bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida: Kuydirgi kasalligi – xonaki, yovvoyi hayvonlar va odamlarga yuqadigan o‘tkir infeksiyali xastalikdir. Sporalari nihoyatda chidamli bo‘lgan va tashqi muhitda bir necha yildan to o‘n yillargacha saqlanib qoladigan bakteriyalar ushbu xastalik qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi. Ushbu kasallikka ko‘proq chorva mollari chalinadi. Hayvonlar orasida kuydirgi kasalligining avj olishi mavsumiy xususiyatga ega, ya’ni yoz-kuz oylarida paydo bo‘ladi.
Insonga bu xastalik kasallangan hayvon go‘shtini nimtalashda virusning tananing tirnalgan, kesilgan joylariga, shilliq pardaga tushishi oqibatida, shuningdek, ulardan tayyorlangan masalliq orqali yuqadi. Bunday ishlarni veterinar nazoratisiz amalga oshirish, shaxsiy gigiyena qoidalarini buzish, kasallangan hayvon go‘shtidan taom tayyorlash, uni yetarlicha pishirmasdan iste’mol qilish infeksiya bilan xastalanishga sabab bo‘ladi.