Norvegiyaning Tromse shahrida davom etayotgan 41-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida bugun, 9-avgust kuni 7-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Nufuzli musobaqada 33-raqam ostida tasniflangan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi kecha birinchi raqamli jamoa — Rossiya termasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib, 6-o‘rindan 15-pog‘onaga tushib ketgandi.
Bugun Rustam Qosimjonov sardorligidagi shaxmatchilar AQSh terma jamoasiga qarshi dona suradi. Amerikalik shaxmatchilar hisobida ham O‘zbekiston kabi oltita o‘yindan to‘rtta g‘alaba, bittadan durang va mag‘lubiyat bor. Ular turnir jadvalida qo‘shimcha koeffitsiyentlarga ko‘ra 22-pog‘onadan joy olgan.
Xikaru Nakamura, Gata Kamskiy singari kuchli grossmeysterlarga ega okean orti vakillari kecha 6-turda Paragvay terma jamoasini 3:1 hisobida yengdi. AQSh terma jamoasi tarkibidan joy olgan shaxmatchilarning bari grossmeyster maqomiga ega.
Izoh (0)