7-avgust kuni Shahzodaning “Shunchaki” taronasiga ishlangan videoklip muxlislar e’tiborga havola etildi. Bu haqda Popcorn.uz xabar bermoqda.
Sarvar va Komil mazkur taronaning so‘zi va musiqasini tayyorlashda, shuningdek, videoklipni suratga olish ishlarida ishtirok etdi.
Klip “BenoMedia” studiyasi ijodkorlari tomonidan tayyorlandi. Video g‘oyasi Shahzodaning o‘ziga tegishli.
Shaxsan Shahzoda o‘zining navbatdagi videosini tayyorlashga jiddiy yondoshib, professionallar bilan hamkorlik qildi.
Sarvar va Komil ssenariyni kadrda tomoshabinga yetkazish uchun operator Behzod Po‘latov bilan hamkorlik qildi. Shahzod Po‘latov suratga olingan videoni montaj qildi.
Klip yuqori sifatli kadrlari bilan tomoshabin e’tiborini tortadi. Lekin eng asosiysi klip syujeti bo‘lib, u tomoshabinda butun bir film tomosha qilgandek tasavvur uyg‘otadi.
Video turli kutilmagan qaltis voqealarga, ta’sirchan kadrlarga boy. Rejissyor Akrom Shohnazarov yosh aktyorlar jamoasi — Ziyoda Qobilova, Jamshid Isoxodjayev, Shohruh Hamdamov va Bahrul Qurbonov bilan ishladi.
Aktyorlar jamoasi hali professional darajaga erishmagan bo‘lsa-da, lekin topshirilgan vazifani, ya’ni murakkab sahnalarni ham mahorat bilan ijro etgan.
Videoda nafaqat syujet qismiga, balki trek qismiga ham asosiy e’tibor qaratilgan, ya’ni bu tasvirlar ham mutlaqo o‘zgacha yo‘nalishda namoyon bo‘ladi. Turli hissiyotlar, ichki kechinmalar Shahzodaning nigohlarida aks etadi. Shahzoda ijodidagi eng shov-shuvli va ta’sirchan klip aynan mazkur video bo‘lishi kutilmoqda.
Videoda qahramonlar dialogi, turli ovozli effektlar ham qo‘llanilgan bo‘lib, barcha dublyaj ishlari “BenoMedia” ijodkorlari tomonidan tayyorlandi.
Izoh (0)