Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan 18-sanksiyalar paketini qabul qila olmadi. Ushbu paketga neft narxi chegarasini pasaytirish ham kiritilgan edi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida Slovakiya bu paketga veto qo‘ygan.
Bu kelishuvga erisha olmaganimizdan juda afsusdaman. Aytishim kerakki, biz uning qabul qilinishiga juda yaqin kelgan edik, degan Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas.
Bratislava sanksiyalar paketini uning mazmuni tufayli emas, balki Yevropa Ittifoqining Rossiya energetika resurslaridan voz kechishni nazarda tutuvchi RePowerEU rejasi doirasida muayyan imtiyozlar olish uchun to‘sib qo‘ymoqda. Slovakiya bu rejani to‘xtata olmaydi, chunki uni joriy etish uchun barcha a’zolarning yakdil roziligi talab etilmaydi.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni tezda tasdiqlash tarafdori
Kallasning ta’kidlashicha, Yevropa Komissiyasi Slovakiyaning talablariga javoban kerakli takliflarni taqdim etgan.
Endi to‘p Slovakiya maydonida. Bu kelishuvni oxiriga yetkazishimiz kerak, degan Kallas va sanksiyalar 16-iyulga qadar tasdiqlanishiga umid bildirgan.
Bratislava bilan muzokaralar texnik darajada davom etadi. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy kelishuvga yaqin orada erishish mumkinligini aytgan.
Germaniya, Shvetsiya va Niderlandiya tashqi ishlar vazirlari sanksiyalar paketini imkon qadar tezroq qabul qilish zarurligini bildirgan. Boltiqbo‘yi davlatlari vakillari esa Yevropa Ittifoqi allaqachon 19-sanksiyalar paketini tayyorlashga kirishishi lozimligini ta’kidlagan.
Slovakiyaning e’tirozlari nimadan iborat?
RePowerEU rejasi doirasida Yevropa Ittifoqi 2027-yil oxirigacha Rossiyadan gaz va neft importini to‘liq to‘xtatishni, shu orqali Moskvani Yevropa bozoridan olinadigan energiya daromadlaridan mahrum qilib, Rossiya harbiy iqtisodiyotini zaiflashtirishni maqsad qilgan.
Slovakiya neft va gazning katta qismini Rossiyadan import qiladi, ayniqsa “Druzjba” quvuri orqali o‘tadigan Rossiya nefti Slovakiya uchun strategik ahamiyatga ega. Slovakiya hukumati fikricha, Yevrokomissiya ularga Rossiya energiya resurslaridan voz kechish bo‘yicha rejani amalga oshirish uchun yetarlicha yordam va subsidiya ajratmayapti. Shu sababli, Slovakiya 18-sanksiyalar paketiga veto qo‘yib, RePowerEU doirasida ko‘proq moliyaviy ko‘mak va ustuvor imtiyozlar olishga intilmoqda.
Izoh (0)