Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BST)ning ma’lum qilishicha, G‘arbiy Afrikada fevraldan beri Ebola bezgagi tufayli 887 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
4-avgust, dushanba kuni Afrika taraqqiyot banki Syerra-Leone, Liberiya va Gvineyaga tarqalgan epidemiyaga qarshi kurash uchun 50 million dollar miqdorida pul ajratishga va’da berdi. Jahon banki esa mazkur mamlakatlarga 200 million dollargacha mablag‘ ajratadi.
Jahon banki bayonotida ta’kidlanishicha, ajratilayotgan pul mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash hamda epidemiya natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozni yengish uchun ishlatiladi.
Bundan tashqari, BST Afrikada ebola bezgagining tarqalishiga qarshi kurash kampaniyasi uchun 100 million dollar to‘plashni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
“RIA Novosti”ning qayd etishicha, BST Bosh rahbari Margaret Chen kasallikning tarqalishi salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirib, 6-avgust kuni tashkilotning favqulodda qo‘mitasi mazkur epidemiya borasida yig‘ilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Ebola bezgagi qon, turli ajratma (ter, yiring kabi)lar, shuningdek, bemorning zaharlangan buyumlari orqali yuqib, o‘limga olib kelishi mumkin. Hozircha mazkur kasallikka qarshi davo vositasini ishlab chiqish borasidagi harakatlar samara bermadi.
Izoh (0)