O‘ziga bog‘liq bo‘lmagan narsaga bog‘lab turib, masalan, “Bugun ‘Bunyodkor’ yutqazsa, xotinim taloq bo‘lsin” deb taloq qo‘ysa, taloq tushadimi, deb Islom.Uz saytiga savol yo‘llashdi. Berilgan javobga ko‘ra, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan narsaga bog‘lab turib taloq qo‘ysa ham, baribir taloq tushaveradi. Bu haqda “Kun” xabar berdi.
“Hattoki, hazillashib taloq qo‘ysa ham, rost taloq qo‘ygan hisoblanadi”, — deyiladi Islom.Uz’dagi javobda.
Qayd etishlaricha, bundan maqsad — ayol kishini ermak qilish emas, aksincha, “dinni, o‘ziga berilgan mas’uliyatni ermak qilgan, oilaviy turmushni yengil sanagan johil erkakni jazolashdir”.
“Chunki shar’iy hukmga ko‘ra, taloqqa faqat nochor qolingan holdagina ruxsat beriladi. Taloq huquqining erkakka berilishi ham aslida uning ayolga nisbatan bosiqroq, mulohazaliroq, mas’uliyatliroq ekani e’tiboridandir. Endi er kishi ana shu mas’uliyatini unutib, o‘ziga berilgan huquqni suiiste’mol qilsa, unga albatta jazo berish lozim”, — deyiladi javobda.
Ayni vaqtda, Islom.Uz’ning qayd etishicha, qattiq g‘azab tufayli aqli boshidan uchgan kishi es-hushini yo‘qotib taloq qo‘ysa, bu gapi bekor sanaladi.
“Chunki fuqaholarimiz: ‘Osmon bilan yerning farqiga bormaydigan darajada achchig‘i chiqqan odamning talog‘i tushmaydi’, deyishgan”, — deyiladi Islom.Uz xabarida.
Bundan tashqari, “taloq” lafzini ichida, o‘ziga o‘zi gapirsa-yu, talaffuz qilib, birov eshitadigan darajada aytmasa, taloq tushmaydi.
Izoh (0)